Muallif : Nikita Kopa.
BMT Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri – hammaga ichish, ovqat tayyorlash va sanitar maqsadlar uchun toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini yaratish. Bu qurg‘oqchil iqlimga ega uzoq mamlakatlar muammosi bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham toza suv resurslariga ehtiyoj o‘tkir muammodir. Bu nega bu qadar muhim? Butun dunyoda ushbu maqsadga erishish uchun qanday sa’y-harakatlar amalga oshirilyapti?
Suvsiz hayot
Suv quvurlari va kanalizatsiya bilan jihozlangan obod xonadon va uy egalari ko‘pincha bu qulayliklarni o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgan va doim bo‘ladigandek qabul qilishadi. Milliardlab odam bunday ne’matlardan foydalanish imkoniyatidan mahrumligini tasavvur qilish ularga qiyin bo‘ladi. Vaholanki, jahonda har uchinchi odam toza, xavfsiz ichimlik suvidan foydalana olmaydi, dunyo aholisining 40%i qo‘lini sovun bilan yuva olmaydi. Taxminan 900 mln odamda hech qanday ko‘rinishda hojatxona yo‘q, ular bu tabiiy ehtiyojini ochiq havoda qondiradi.
Aziz do‘stlar!
Sizga CAPS Unlock (capsunlock.kz) tashkiloti nomidan salom aytamiz. Uning missiyasi – dengizga chiqishi yo‘q mintaqa bo‘lmish Markaziy Osiyoni (shu bois biz “”) ham bir-biri uchun, ham dunyo uchun ochish. Tahliliy markaz o‘laroq biz bu yo‘lda tadqiqotlar o‘tkazamiz, mamlakatlarimizda va hamjamiyatlarimizda vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlaymiz va ilgari suramiz.
Biz Olmaotada (Qozog‘iston) joylashganmiz, ammo Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlarida fikrlaydigan va hamkorlik g‘oyalariga sodiq do‘stlarimiz bor. Endi hamkorlarimiz qatorida OYLA jurnali ham borligidan mamnunmiz.
OYLA jurnali bizga nega yoqadi? Ikki sababga ko‘ra. Birinchidan, OYLA – bizga global muammolar yuzasidan kengroq fikrlashga, o‘zimizni, o‘z mamlakatlarimizni keng olamning bir qismi sifatida qarashga yordam berishi mumkin bo‘lgan yangi g‘oyalar uchun ajoyib minbardir. Bu bizni xavotirga solayotgan ko‘p masalalarni tushunishda muhim yondashuvdir. Ikkinchidan, OYLA – sizlar bilan uchrashish uchun ajoyib joy. Fikrlash va hayotimizni yaxshilash uchun harakat qilish – har birimizning vazifamiz, yoshlarda esa ko‘pincha yaxshiroq g‘oyalar, nafaqat mulohaza yuritish, balki faollik, jamiyatga foydali ishlarni bajarish uchun ham ko‘proq g‘ayrat bo‘ladi.
Bu yil biz iqlim o‘zgarishi, barchamiz asrab-avaylashimiz kerak bo‘lgan barqaror atrof muhit va ekotizimlar masalalari bo‘yicha fikr-mulohaza yuritishda va harakat qilishda OYLA jurnalini qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz buni siz bilan birga amalga oshirishdan xursand bo‘lamiz!
Yoqimli mutolaa
CAPS Unlock jamoasi
Yer sayyorasi
Bu statistikaga aynan nimalar kiritilishini aniqlashtirish kerak bo‘ladi. Rossiya, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarning ko‘p shaharlarida quvurlardan keladigan suvning sifati shundayki, undan doimiy ravishda ichish yoki taom tayyorlashda foydalanish tavsiya etilmaydi. Ammo bu tavsiya asosan ushbu suv sog‘liq uchun risoladagidek erigan moddalar tarkibiga emasligi tufayli beriladi. Bunday suvdan zaharlanish mumkin emas. Xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatining mavjud emasligi deganda esa odamlar kasallik keltirib chiqaradigan mikroblar va zaharli moddalar bilan ifloslangan suvni ichishga majbur bo‘ladigan vaziyat nazarda tutiladi.
Uyda hojatxonaning yo‘qligi masalasi ham aniqlik kiritilishini talab etadi. Ko‘p qavatli uylarning istiqomatchilari ko‘chadagi alohida inshootda joylashgan chuqurli hojatxonalarga ega qishloq uylariga borganida shokka tushishi mumkin. Lekin hatto shunaqa hojatxona ham uning mutlaqo yo‘qligidan ko‘ra ancha yaxshidir – aynan hojatxonaning yo‘qligi statistikaga kiradi.
Muammoning ildizlari
Bir qarashda yuqorida sanab o‘tilgan muammolar oson hal qilinadi: barcha uylarni suvi tozalashda o‘tkaziladigan suv quvuri va kanalizatsiya bilan jihozlash kerak. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda bunday qulayliklarga ega uylar norma hisoblanadi, biroq ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlarda uy-joyning sezilarli qismi bu qulayliklarga ega emas.
Sabab muayyan hududda suvning o‘zi yo‘qligida deb o‘ylarsiz. Darhaqiqat, Shimoliy Afrikaning, Arabiston yarim orolining, Markaziy Osiyoning ko‘p hududlarida shunchaki suv resurslari butun aholini ta’minlashga yetarli emas. Ammo bunday holat birinchi navbatda cho‘llarga xosdir, suv ta’minoti va sanitariya muammolari esa faqat ana shunday yerlardagina dolzarblik kasb etmayapti. Misol uchun, Vyetnam yoki Ekvatorial Afrika mamlakatlari zinhor yetarli namlanmagan hududlar ro‘yxatiga kirmaydi. Shunga qaramay, ularning ko‘pgina istiqomatchilari toza suv ishlatish imkoniyatiga va jihozlangan hojatxonalarga ega emas.
Odatda sabab munosib moliyalashning yo‘qligida yo‘qligida bo‘ladi. Past daromadli mamlakatlarda na aholida, na hukumatda ko‘pincha suv quvurlari, kanalizatsiya, tozalash inshootlari qurishga pul bo‘lmaydi. Mablag‘ bor bo‘lsa, suv ta’minoti muammosini cho‘lda ham, dengizlar va tuzli ko‘llar suvini chuchuklashtirish yo‘li bilan hal etsa bo‘ladi.
Buning nima xavfi bor?Milliardlab odam toza suvdan foydalana olmayotgani bois to‘layotgan tovon darhaqiqat ulkandir. Avvalambor, bu nojoiz gigiyenik shart-sharoit tufayli tarqaladigan kasalliklarda aks etadi. Har yili 1,4 millionga yaqin odam ichimlik suvidagi bakteriyalar keltirib chiqargan xastaliklardan olamdan o‘tadi, shularning uchdan biriga yaqini – bolalar.
Yer sayyorasi
Bu o‘limlarning ko‘p qismi kurashish qiyin bo‘lgan vabo, ichburug‘, qorin tifi singari kasalliklardan emas, balki toza ichimlik suvi va qo‘lni muntazam ravishda sovunlab yuvish bilan bartaraf etiladigan oddiy ich ketishi tufayli ro‘y beradi. Kasallanganlarning sonini aniq hisoblab chiqib bo‘lmaydi.
Iflos suv keltirib chiqargan o‘lim va kasalliklar tufayli mehnatga layoqatli aholini yo‘qotish oqibatida mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishi sezilarli darajada sekinlashadi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, sanitariya va suv ta’minotining past darajasi Hindiston iqtisodiyotiga ko‘rsatayotgan salbiy ta’sir har yili ushbu mamlakatda YaIMning 6 foizining yoki 200 milliard dollar yo‘qotilishiga olib keladi. Sahroyi Kabirdan janubdagi ko‘p Afrika davlatlaridayam o‘xshash vaziyat kuzatiladi.
Suv quvuri va kanalizatsiya yo‘qligining boshqa salbiy oqibati atrof muhitning ifloslanishidir. Kommunal-maishiy oqindilar bilan ishlash tizimi qanday tashkil etilgan bo‘lishiga qaramay, bu oqindilarning barchasi ertami, kechmi daryo, ko‘l va dengizlarga tushadi. Ammo zamonaviy kanalizatsiya tizimi mavjud bo‘lgan taqdirda bu oqindilar dastlab tozalansa, u yo‘qligida inson hayotiy faoliyati chiqindilari to‘g‘ridan-to‘g‘ri suv havzalariga borib tushadi, bu esa ulardagi suvning sifatini tushiradi.
Nima qilish mumkin?
Olimlarning hisob-kitobiga ko‘ra, past va o‘rta daromadli 140 mamlakatni toza suv va hojatxona bilan ta’minlashga yiliga 28–140 milliard dollar ketadi. Bu AQSh YaIMining 0,1–0,4 foiziga teng mablag‘dir. O‘z-o‘zidan tushunarliki, suv ta’minoti va kanalizatsiya muammolari eng o‘tkir bo‘lgan mamlakatlar YaIMining ancha kattaroq ulushini sarflashiga to‘g‘ri keladi, lekin, nima bo‘lgandayam, xarajat ushbu mamlakatlar suv muammolarining iqtisodga salbiy ta’siri tufayli ko‘rayotgan iqtisodiy zarardan ancha past bo‘ladi. Shuning uchun suv quvurlari va kanalizatsiyaga kiritmalar hali butun aholisi bu qulayliklar bilan ta’minlanmagan har qanday mamlakat uchun eng manfaatli investitsiyadir. Ba’zi olimlarning fikricha, xarajatni qoplash nuqtayi nazaridan toza suvga pul kiritish hatto iqlim o‘zgarishining oldini olish yoki uning oqibatlariga qarshi kurashishdan ham manfaatliroqdir.
Rivojlangan mamlakatlarda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena muammosini hal qilishga qaratilgan bir qancha xalqaro dastur mavjud. Masalan, BMTning “Suv” dasturi suv ta’minoti sifatini va hojatxonalar mavjudligini yaxshilash uchun turli mamlakatlar amalga oshirayotgan choralarni tahlil qiladi. Tarkibiga turli mamlakatlarning hukumat, tijorat va notijorat tashkilotlari kiradigan “Sanitariya va hamma uchun suv” global sherikchiligi suv resurslarini boshqarishni yaxshilash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi va tashkilotlarga tajriba almashishda yordam ko‘rsatadi.
“Suv loyihasi” Afrikada, Sahroyi Kabirdan janubda suv ta’minoti loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi, Markaziy Osiyo suv resurslari va energetikasi bo‘yicha dastur esa ushbu mintaqa mamlakatlari suv resurslarini birgalikda boshqarishini tashkil etishga yordam beradi.
Shu va boshqa dasturlar, shuningdek, hukumat, nohukumat va tijorat tashkilotlarining faoliyati tufayli oxirgi yillarda ko‘pgina mamlakatlarda suv ta’minoti va sanitariya sohasida olg‘a qadamlar tashlandi.
Bu yutuqlarga ko‘p hollarda yirik va qimmat infratuzilmaviy loyihalar emas, bir qishloq istiqomatchilari yoki hatto bitta oila kuchi bilan tashkillashtirsa bo‘ladigan mahalliy ahamiyatga ega kichik obyektlar qurilishi orqali erishiladi. Masalan, Bangladeshda shunchaki eng oddiy chuqurli hojatxonalarning foydasi va ularni qurish yo‘llari haqida axborot tarqatish bilan aholining hojatxonalar bilan ta’minlanganlik darajasini sezilarli oshirishga erishildi, zero bunday hojatxonalarni deyarli har qanday oila qura oladi.
Sharqiy va Janubiy Afrikaning ko‘p mamlakatlarida esa mahalliy aholi kuchi bilan vaqtinchalik suv oqimlarini to‘suvchi kichik to‘g‘onlar qurilishi tufayli qishloq joylar istiqomatchilarning toza suv bilan ta’minlanishi ancha yaxshilandi. Bunday to‘g‘onlar bo‘lsa, yomg‘irdan so‘ng butun suv oqim bo‘ylab pastga ketib qolmaydi, uning bir qismi to‘g‘ondan yuqorida suv ostiga sizib, yerosti suv tashuvchi oqimlarni to‘ldiradi. Sizish jarayonida suv tozalanadi, so‘ng quduq yordamida suv ostidan toza suv olish mumkin bo‘ladi. Ammo, tabiiyki, bunday mahalliy loyihalar to‘laqonli infratuzilmaning o‘rnini bosa olmaydi, shunchaki uni to‘ldiradi.
Barqaror rivojlanish maqsadlari 2030-yilgacha mo‘ljallangan edi. Bu vaqtga qadar butun Yer aholisini toza suv va kanalizatsiya bilan ta’minlashning uddasidan chiqsa bo‘ladimi? 2015-yilda bu amalga oshirsa bo‘ladigan vazifaday ko‘rinar edi. Ammo uni amalga oshirish yo‘lida ko‘p to‘siqlar vujudga keldi, ularning asosiylari – COVID-19 pandemiyasi va global isish. Pandemiya chog‘ida suv quvurlari va kanalizatsiya tizimlariga kiritilishi mumkin daromad sezilarli kamaydi. Iqlim o‘zgarishi esa ko‘p mamlakatlarga misli ko‘rilmagan qurg‘oqchilik olib keldiki, bunday tabiiy ofatlarga mo‘ljallanmagan ayrim suv quvurlarining ishlashi imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Hozir aksariyat mutaxassislar 2030-yilgacha hammani toza suv va kanalizatsiya bilan yalpi ta’minlash imkonsiz deb hisoblamoqda. Lekin bu shashtdan qaytishga sabab bo‘lmasligi kerak – bu maqsad yo‘lida o‘sish allaqachon ko‘zga tashlanmoqda, demak, unga, belgilangan muddatda bo‘lmasa ham, erishiladi.